Ushbu namunaviy suhbatga diqqat qiling. Mazkur holat sizga ham tanishmi?
— Azizim, tish pastasining qopqog'ini yana ochiq qoldirib ketibsiz.
— Nima qilibdi shunga?
— Biroz e'tiborli bo'lishingiz mumkinmi? Har doim mana shunday ish qilib ketasiz. Sizning ortingizdan barcha narsani yig'ishtirib yurish jonimga tegdi.
— Men nima qildim o'zi, shuni tushuntirib ber. Hech qachon ortimdan senga ish qoldirmayman.
— Ha, siz ideal erkaksiz. Anavi kuni ishga ketish oldidan uydagi chiroqni yoniq qoldiribsiz… Aytmoqchimanki, siz ham bo'sh vaqtingizda uy ishlariga yordam berib turishingiz kerak.
— Meni hech narsa qilmaslikda ayblayapsanmi? Vijdoning bormi? Axir senga barcha ishda yordam beraman. Uyalmaysanmi?
— Nega menga baqiryapsiz? O'zingizni nazorat qila olmaysiz. Axir men sizga baqirmayapman-ku. Har doim mana shunday baqiraverasiz, bizning janjallarimiz qo'shnilarning g'iybatiga mavzu bo'lyapti.
— Axir o'zing shunga meni majbur qilyapsan, keyin esa tinchlanishimni istayapsanmi? Men o'z-o'zidan baqirib ketadigan ahmoqqa o'xshaymanmi? Asablarimga tegma, shunda baqir-chaqirimni eshitmaysan.
— Sog' odamning ishini qilmayapsiz. Siz bilan gaplashish mumkin bo'lmay qoldi o'zi.
Mana shu yerda bir zumga to'xtang. Agar suhbat shu tarzda davom etadigan bo'lsa ayol yig'lashni boshlaydi, erkak esa arazlab uydan chiqib ketadi. Shu tariqa munosabatlarga osonlikcha darz ketadi. Eng yomon hollarda mana shunday mayda janjallar juftliklarni ajrimgacha olib borishi mumkin. Bu namunani shunchaki keltirdim xolos. Ammo tan olaylik, ko'p hollarda sevgan insonimiz yoki yaqinlarimiz mana shunday munosabat ko'rsatamiz-a?
Biroz jahldan tushgach arzimagan narsani deb urushganingizni ham anglaysiz, o'zingizni g'olib his qilish uchun yaqin insoningiz bilan istalgancha bahslashishingiz mumkin. Shaxsiy munosabatlarni yaxshilash va yoringizni tushunish uchun sizga Jon Grey muallifligidagi «Erkaklar Marsdan, ayollar Veneradan» nomli kitob yordam berishi mumkin. Bizning bugungi suhbatimiz ham aynan shu haqida bo'ladi. Mazkur kitob nashr qilinganidan keyin haqiqiy bestsellerga aylanib ketdi. Ayrim mutaxassislar esa kitob sababli ko'plab oilalarda shaxsiy munosabatlar saqlab qolingani, ajrimlarning oldi olinganini ham ta'kidladilar. Kitobning asosiy g'oyasi shunday: Erkaklar va ayollar tabiati bir-biridan butunlay farq qiladi. Ularning miyasi ham butunlay o'zgacha ishlaydi.
Ayollar odatda o'z so'zlarining erkaklar tomonidan eshitilmasligiga nisbatan e'tiroz bildirsalar, erkaklar nima uchun ayollarning bunchalar ko'p gapirishlaridan hayron bo'lishadi. «Gapni uzoqdan boshlamay maqsadini darrov aytsa bo'ladi-ku» o'ylaydi erkak.
Birinchi farq
Erkaklar va ayollar miyasidagi birinchi farq quyidagicha: Erkaklarning miyasi tilga olinayotgan muammoni tezroq hal qilish uchun chora izlaydi. Sababi erkaklar tabiatan o'zlarini boshqalardan aqlliroq, kuchliroq va tajribaliroq ko'rsatishni yaxshi ko'rishadi. Buning natijasida u avvalo suhbatning asosiy ma'nosiga diqqat qaratadi va muammoni hal qilishi mumkin bo'lgan yechim taklif qiladi.
Ayol uchun esa his-tuyg'ular muhim. U bir gapni boshlaganida yori tomonidan g'amxo'rlik ko'rsatilishi, qo'llab-quvvatlanishni istaydi. Bir so'z bilan aytganda unga emotsional ko'mak kerak bo'ladi. Ushbu jihatlar ayollar uchun muammoni zudlik bilan hal qilishdan ko'ra ko'proq ahamiyatga ega. Buni aniq tasavvur qilishingiz uchun sizga yana bir namunaviy suhbatni keltirib o'tamiz.
— Tasavvur qiling, bugun kiyimlarni yuvmoqchi bo'lib mashinaga solgandim. Oradan ikki soat o'tib hammomga kirsam, mashina o'chiq, butun xona suv bilan to'libdi. Mashina buzildi, suv esa tashqariga toshib ketibdi. Uni tozalab olguncha bo'larim bo'ldi. Yaxshiyam, qo'shnilarning uyiga suv o'tmaguncha tozalab oldim.
— Havotir olma. Xozir ustaga qo'ng'iroq qilaman, kelib mashinani tuzatib ketadi. Bugun kela olmasa, ertaga keladi.
— Ha, kelsin, tuzatsin. Juda charchab ketdim, ishonsangiz yig'lagim ham kelyapti. Omadsizlikni qarang.
— Bo'ldi, ustaga xabar yo'lladim. Uyda bo'lsa ko'rishi bilan darhol yetib keladi. Agar biror muammo chiqadigan bo'lsa darhol menga qo'ng'iroq qil, bir zumda mutaxassis chaqirish mumkin-ku.
— Men bu gaplarni usta chaqirishingiz uchun aytganim yo'q. Shunchaki bugun og'ir kun bo'lgani haqida sizga aytib beryapman. Ammo gapirib nima qildim, baribir meni tushunmayapsiz-ku.
Diqqat qilgan bo'lsangiz, ayol bu o'rinda muammo haqida emas, o'zining his-tuyg'ulari haqida so'zlamoqda. U qanchalar harakat qilmasin, erkak kishi miyasi uni tushuna olmaydi, chunki uning e'tibori muammoni hal qilish vazifasiga qaratilgan. Ayollar esa uning tuyg'ulariga nisbatan javob berilmagan holatlarda o'zini kamsitilgan kabi his qiladi, yoridan arazlaydi, uni e'tiborsizlikda ayblashi ham mumkin. Erkak esa «Men uning uchun harakat qilsam, xizmatimning qadriga yetmaydi-ya. Keyingi safar umuman yordam bermayman» degan fikrni hayolidan o'tkazadi.
Bu kabi vaziyatlarda janjal kelib chiqmasligi uchun har ikki tomon ham miyaning ushbu sifatlarini yaxshi bilishi kerak. Agar ayol erkak uchun muammoning bosh ma'nosi muhim ekanligini bilsa, erkak ham yoriga «Tushunaman, azizam. Juda charchabsan» deya hamdardlik bildirib qo'ysa olam guliston.
Bunday holatda erkak ham, ayol ham ortiqcha muammoga to'qnash kelmaydi.
Xo'sh, bunday vaziyatda ayol qanday yo'l tutishi kerak?
Bir narsani yaxshilab tushunib oling. Erkaklar tabiatan o'zlarining kuchli va bilimli ekanliklarini isbotlash shaydosi bo'lishadi. Agar biror muammo paydo bo'lsa, buni boshqalarga ko'rsatmaydilar, yolg'izlikda qolgancha diqqatni bir yerga jamlab fikr qilishni ma'qul bilishadi. Muammoning yechimi topilmagan paytlarda o'zlarini biror turdagi yumush – televizor ko'rish, o'yin o'ynash, do'stlar bilan uchrashish orqali chalg'itishga harakat qiladilar.
Shu sababli yoringiz o'zining muammolari haqida gapirishni istamaydigan bo'lsa unga savol berib janjal boshlamang. Uning muammosi nimada ekanligini bilgan taqdiringizda ham maslahat berishni hayolingizdan butkul chiqaring. Tavsiyalar yomg'iri ostida qolgan erkak o'zini zaif inson kabi his qiladi, ayolining xayrixohligi uning uchun haqoratday tuyuladi. Bu o'rinda ayolning erkakka bera oladigan eng katta yordami – uni biroz holi qo'yishidir.
Ikkinchi farq
Erkaklar va ayollar boshqa-boshqa tillarda gapiradilar, buni hech sezganmisiz? Erkak biror narsa o'ylasa uni ochiqchasiga aytadi. Ayolning aytgan gaplarida esa yashirin ma'no mavjud bo'ladi. Aynan mana shu narsa ham ular orasidagi kelishmovchiliklarni gurkiratib yuborishi mumkin.
«Hech qachon menga yordam beray demaysiz» degan gap ayolning og'zidan chiqqan paytda uning zamirida «Menga yordam bersangiz hursand bo'lardim» degan gap bo'ladi.
Agar u jumlalar orasida «hech qachon» degan so'zni ko'p bor qo'llasa shu kunga qadar sizning qilgan ishlaringizni unutdi degani emas. Shunchaki, ayollar vaziyatni bo'rttirib ko'rsatishga moyil bo'ladilar. Ular gaplari erkakning qalbini yaralashi mumkinligi