Taom, dori, ro`zg`or uchun idish va musiqa asbobi... Agar buni dam olishga otlanayotganda tuziladigan ro`yxat deb o`ylasangiz, adashasiz. Bularning hammasi o`zingiz bilgan qovoq! Ha, ha u hayotning turli jabhalarida doim yordamga shay ko`makchi. Ayniqsa, salomatlikni asrash borasida uning oldiga tushadigan sabzavot kam topiladi. Bugun siz bilan qovoqning foydali xususiyatlari haqida gaplashamiz. Mutaxassis — Nodira HAMROEVA.
Hamma meva va sabzavotlar vaqt o`tgani sari tarkibidagi foydali moddalarni yo`qota boshlaydi. Faqat qovoqqina bundan mustasno. Uni +8...+12 daraja harorat ostida 30-40 kun saqlaganingizdan keyin ham tarkibi yaxshilansa yaxshilanadiki, foydali moddalarini yo`qotmaydi. Shuning uchun ham uni qish bo`yi saqlash imkoniyati mavjud.
Shamollashdan himoyalaydi
Bejizga kuz keldi deguncha momolarimiz oshqovoqdan mantiyu somsalarni ko`p-ko`p qilib pishirib berishmas ekan-da. Axir qovoq tarkibida kuzgi shamollashlardan asraydigan S darmondorisi bisyor. Bundan tashqari, barcha sabzirang sabzavotlar tarkibida temir moddasi mavjud bo`lib, bu modda kamqonlikni bartaraf etadi. Shuning uchun qovoq tanlayotganda imkon qadar qizg`ishrog`iga ixtiyor beravering.
Uyqingiz qochdimi?
Yotish oldidan yarim piyola qovoq sharbatiga bir osh qoshiq asal solib ichsangiz, surunkali uyqusizlikdan xalos bo`lasiz. Chunki bunday sharbat asab tizimini tinchlantirib, organizmga huddi uyqudoridek ta`sir ko`rsatadi.
Sistit bezovta qilsa...
Ushbu tabiat in`omini chinakam dorixonaga qiyoslasak, sira mubolag`a qilmaymiz. Ayniqsa, peshob haydash xususiyati tufayli turli shishlar, sistit, pielonefrit va uretritning ba`zi ko`rinishlarida oshqovoqqa murojaat qilsangiz yanglishmaysiz. Uni xomligicha, aytaylik salatlarga qo`shib, yoki bug`da pishirib tanovul qilsangiz, muammolar sizni birin ketin tark eta boshlaydi.
Urug`i erkaklar salomatligi uchun!
Erkaklarda yosh o`tishi bilan prostata bezi adenomasi xastaligi yuzaga kelishi mumkin. Haftada bir piyola qovoq urug`ini iste`mol qilib yuradigan insonlarda bu xastalik deyarli uchramas ekan. Shuningdek bu tabiiy shifobaxsh ne`mat tarkibidagi ruh (sink moddasi) urug` hujayrasi faolligini oshirib, farzand ko`rish ehtimolini orttirish xususiyatiga ham ega.
Gijjada foyda?!
Qadim qadimdan xalq tabobatida qovoq urug`i bolalar va kattalarda uchraydigan gijjaga qarshi vosita sifatida keng qo`llanib kelingan. Chunki uning tarkibida gijjaning ba`zi turlarini falaj qilib qo`yuvchi toksik moddalar mavjud. Biroq u gelmintni butunlay zararsizlantirish xususiyatiga ega emas. Shuning uchun tabiblar qovoq urug`ini iste`mol qilgandan so`ng tabiiy surgi dorilardan ham foydalanishni tavsiya qilishadi.
Go`zalligimiz uchun
Hatto, Ibn Sino ham qovoq po`stidan tayyorlangan damlamada yuz chayilsa, quruq yuz yumshab, yog`li terini tinchlanishini yozib qoldirgan. Bugungi kun olimlari esa qovoq po`sti tarkibida zamburug`larni bartaraf etuvchi moddalar borligini aniqlashgan. Bundan tashqari bir choy qoshiqdan maydalangan qovoq, suli yormasi va yangi siqilgan olma sharbatiga bir dona tuxum sarig`ini qo`shib tayyor niqobni 10-15 daqiqa yuzga surtsangiz, natijasini birinchi muolajadan keyinoq seza boshlaysiz. Bunday niqobni haftada ikki marta bajarish tavsiya etiladi. Turli dog`lardan xalos bo`lishga esa qovoqli tonik yordam beradi. Uni tayyorlash uchun bir osh qoshiqdan qovoq va bodring sharbatlarini aralashtirib, bir osh qoshiq yog`siz sut qo`shasiz-da, paxtali disklar yordamida 20 daqiqaga yuzga surtasiz. So`ng iliq suv bilan chayib tashlasangiz kifoya. Qolgan tonikni esa muzlatkichda 1 hafta