Rossiyalik reper Alisher Morgenshtern Buxoroga kelib, o‘zining «Mercedes-Benz E 200» avtomashinasini buxorolik Azim Abdullayevga topshirdi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.
Azim Abdullayev Instagram'da Morgenshtern o‘tkazgan va sovrin sifatida ushbu avtomobil va’da qilingan tanlov g‘olibi bo‘lgandi.
Buxoro shahridagi restoranlardan birida o‘tkazilgan uchrashuvda yigitning otasi reperga to‘n kiydirdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Morgenshtern «Mercedes-Benz E 200»ni O‘zbekistonga olib kirish uchun jami 340 mln so‘m bojxona to‘lovlarini to‘lagan.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik yulduz O‘zbekistonga avtomobil olib kirishdagi boj miqdoridan hayratda qolgan, bu esa avtosanoat monopoliyasi mavzusi ijtimoiy tarmoqlarda yana ko‘tarilishiga sabab bo‘lgandi.