Samsung bir vaqtning o‘zida egiluvchan ekranga ega ikkita smartfonni taklif etmoqda — «garmoshka»li Galaxy Z Flip hamda Galaxy Z Fold 2 egiluvchan smartfon-plansheti. Aftidan, kompaniya qurilma shakllari ustidagi tarjirbasini davom ettirish niyatida. Kompaniyaning hozirda «garmoshka-smartfon»ga patenti mavjud bo‘lib, unda ekran bir nechta joyidan buklanishi tasvirlangan, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.
Nashrning yozishicha, kompaniya shu turdagi qurilma yaratilishini tasdiqlagan deb hisoblash mumkin. Samsung Display bo‘linmasi o‘zining rasmiy saytida bir vaqtning o‘zida ikkita joyidan bukila oladigan planshet surati bilan bo‘lishgan. Undan yig‘ilgan holatda smartfon shaklida yoki yoyilgan holatida — planshet sifatida foydalanish mumkin.
Shuningdek, Samsung Display trubasimon kichik korpus ichiga yig‘iladigan ekranga ega planshet konseptini ham taqdim etgan. Yig‘ilgan holatda u biroz kattaroq ruchka ko‘rinishida bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, hozirda Samsung’da «garmoshka-smartfon» va rulon-planshetning prototiplari mavjud, biroq qandaydir sabablarga ko‘ra kompaniya uni namoyish etmayapti. Taxminlarga ko‘ra, loyihalardan biri keyingi yilda Galaxy Z Fold 3 nomi ostida paydo bo‘lishi mumkin.