Rejissyor Muxlisa Azizova tomonidan suratga olingan «Scorpion» filmi 1 dekabrdan Alisher Navoiy nomli kino saroyida namoyish etilmoqda. «Scorpion» trillerining chiptasi 16 000 so‘m, kino saroyda namoyishi davom etayotgan boshqa filmlarning bilet narxi esa 12 000 so‘m qilib belgilangan.
«Scorpion» filmining chiptasi narxi nima sababdan boshqa filmlardan qimmatligiga oydinlik kiritish maqsadida, jurnalist Feruz Muhammad Respublika kinoprokat markazi direktori Ma’murjon Muhammadsaidov bilan qisqa intervyu qildi.
— Alisher Navoiy nomli kino saroyi matbuot xizmati ma’lumotiga qaraganda, «Scorpion» filmining bilet narxlari kino saroydagi boshqa filmlardan qimmat narxda sotilayotgan ekan, buning sababi nima?
— Avvalo, film ishlab chiqaruvchi huquq egasining talab va istaklaridan kelib chiqib, ularning Respublika kinoprokat markazi bilan shartnomasiga muvofiq «Scorpion» filmining Alisher Navoiy nomli kino saroyidagi bilet narxi 16 000 so‘m qilib belgilandi. Bundan tashqari film katta mablag‘ga suratga olinganligi, katta reklama ishlari amalga oshirilgani ham inobatga olingan.
Bir qancha davlatlarda suratga olingan «Scorpion» filmining suratga olish ishlariga qancha mablag‘ sarflangani film ijodkorlari tomonidan ma’lum qilinmagan.